Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2020-yil 30-iyundagi PQ-4768-son qaroriga asosan xalqimizning maʼnaviy saviyasini oshirish, oʻsib kelayotgan avlodni musiqa sanʼati orqali tarbiyalash tizimini takomillashtirish hamda milliy, mumtoz va zamonaviy sanʼatni targʻib qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2020-yil 30-iyundagi PQ-4768-son qarorining 10-bandiga muvofiq Toshkent shahar “Yoshlar ijod saroyi” qoshidagi Yoshlar simfonik orkestri negizida Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri tashkil etilganligi va amaldagi mehnatga haq toʻlash shartlari saqlanib qolgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tuzilmasiga oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Orkestrning asosiy vazifalari etib belgilansin:
jahon klassik musiqasi va xor ijrochiligi sohasidagi yutuqlarni Oʻzbekistonda va xorijda targʻib qilish;
aholining jahon klassik musiqasi va xor ijrochiligiga boʻlgan maʼnaviy ehtiyojini konsert faoliyati hamda musiqiy-maʼrifiy ishlar orqali qondirib borish;
oʻz repertuarini jahon va oʻzbek bastakorlari tomonidan yaratilgan musiqiy asarlarning eng sara namunalari bilan toʻldirish va ijro orqali boyitish;
jahon klassik musiqasi va xor ijrochiligi sohasi ijodkorlarining samarali ijod qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratish hamda isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash;
davlat va hukumat darajasida oʻtkaziladigan tadbirlar, marosimlar va qabullarda ishtirok etish.
3. “Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri” davlat muassasasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Orkestr Yoshlar simfonik orkestrining barcha huquq, majburiyat va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Orkestrning direktori va badiiy rahbari Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga asosan Orkestr qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilgan holda, konsert-tomosha faoliyatini tegishli litsenziya olmasdan amalga oshirishi inobatga olinsin.
5. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri” davlat muassasasi faoliyatini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Orkestrning moddiy-texnik bazasini shakllantirish;
Orkestr faoliyatini takomillashtirish;
simfonik musiqa sanʼati boʻyicha kadrlar malakasini oshirish, ularning faoliyatini baholash va ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish.
6. Quyidagilar Orkestr faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar;
belgilangan tartibda pullik xizmatlar koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar;
mol-mulklarni ijaraga berishdan olingan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari;
vaqtincha budjetdan tashqari boʻsh mablagʻlarini belgilangan tartibda tijorat banklariga depozitga joylashtirishdan olingan daromadlar;
metsenatlik koʻmagi;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda Orkestrni Yoshlar ijod saroyining Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Mustaqillik shoh koʻchasi, 2-uy manzilida joylashgan binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Orkestr uchun bitta yengil va ikkita maxsus (bitta katta sigʻimdagi avtobus va bitta yuk tashishga moʻljallangan) avtotransport vositalarini xarid qilish uchun mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin hamda ularni saqlash uchun limit belgilash choralarini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Orkestr tomonidan mamlakatimiz aholisini simfonik musiqa sanʼatidan bahramand etish, oʻsib kelayotgan yoshlar orasida ushbu sanʼat turini keng targʻib maqsadida respublikaning barcha hududlarida konsert dasturlari tashkil etilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
11. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 5-may,
278-son
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh., 2021-yil 5-may, 278-son