2024-yil 19-noyabr kuni Davlat Kreml saroyida O‘zbekistonning Rossiyadagi madaniyat kunlari doirasida «O‘zbekiston yulduzlari oqshomi» konserti bo‘lib o‘tadi.
Oqshomda do‘st mamlakatning atoqli san’atkorlari: O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva, O‘zbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Farrux Zokirov, Sevara Nazarxon, Gulsanam Mamazoitova, Aygul Nodirova, xizmat ko‘rsatgan artistlar Ozoda Nursaidova va Ilyos Arabov, shuningdek, iqtidorli ijrochilar Shirin Mamtova va Sabina Mustayeva chiqish qiladi.
Konsert O‘zbekiston xalq artisti Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestri jo‘rligida hamda Mukarram Turg‘unboyeva nomidagi «Bahor» davlat raqs ansambli ishtirokida o‘tadi.
Ikki soatga mo‘ljallangan dastur boy va rang-barang bo‘lishi kutilmoqda. Tomoshabinlar o‘zbek xalq qo‘shiqlari, an’anaviy raqslar va jahon opera klassikasi durdonalari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Dasturning har bir raqami Vatanga muhabbat va an’analarga hurmat bilan sug‘orilgan bo‘lib, samimiy ijod va hissiy teranlik muhitini yaratadi. Konsert mehmonlarga o‘zbek san’atining go‘zalligini his qilish bilan birga, uning jahon madaniyatidagi ahamiyatini anglash imkonini beradi.
Shuningdek, tadbir doirasida tomoshabinlarga O‘zbekistonning tarixi, madaniy an’analari va kundalik hayoti haqida hikoya qiluvchi fotoko‘rgazma tashkil etiladi. Ko‘rgazmada 80 tadan ortiq noyob fotosurat namoyish etiladi — ular mamlakatdagi muhim voqealar, me’moriy obidalar va zamonaviy o‘zgarishlarga bag‘ishlangan. Tashrif buyuruvchilar suratlarda O‘zbekistonning madaniy va ijtimoiy sohalardagi, mamlakatning yangilanish va modernizatsiyaga intilishini ramziy ifodalovchi yutuqlarini ko‘rishlari mumkin. Ko‘rgazma tomoshabinlarga o‘zbek xalqining madaniy qadriyatlarini his qilish, uning jahon madaniyatiga qo‘shgan hissasini ko‘rish va milliy o‘zlikni saqlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qadrlash imkonini beradi.