Quvaytda O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestrining konsertlari muvaffaqiyatli o‘tmoqda

 

 

 

O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestri Quvaytda bo‘lib turibdi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.

Orkestrning Quvaytdagi chiqishlari O‘zbekiston elchixonasi tomonidan ushbu mamlakatning Milliy madaniyat, san’at va adabiyot kengashi ko‘magida tashkil etildi. «Abdel Husayn Abdel Rida» teatri sahnasida o‘zbek-quvayt qo‘shma konserti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestri ijrosida o‘zbek mumtoz va milliy kuylari, shuningdek, taniqli quvaytlik bastakor Amer Jafar asarlari yangradi.

 

Iqtidorli dirijyor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, ko‘plab xalqaro tanlov va festivallar laureati va ishtirokchisi Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestrining har bir chiqishini tomoshabinlar qizg‘in olqishlar va gulduros qarsaklar bilan kutib oldi.

 

Quvayt Milliy madaniyat, san’at va adabiyot kengashi bosh kotibining o‘rinbosari Bader al-Duvish O‘zbekiston rahbariyati va mamlakatimiz elchixonasiga Yoshlar simfonik orkestrining Quvaytdagi konsertlarini tashkil etishga ko‘maklashgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoga mashhur orkestrning chiqishlari Quvayt xalqi uchun haqiqiy Yangi yil bayram sovg‘asi bo‘ldi. Har bir tomoshabin musiqaning go‘zal olamiga sho‘ng‘ib, iqtidorli yosh musiqachilarning mohirona ijrosidan zavqlanish imkoniga ega bo‘ldi.

 

««Ushbu o‘zbek-quvayt qo‘shma loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi va, shubhasiz, Quvayt va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning yanada rivojlanishiga, ikki do‘st xalqning yaqinlashuviga bebaho hissa qo‘shadi. Tomonlarning sa’y-harakatlari va ikki mamlakat hukumatlarining qo‘llab-quvvatlashi tufayli madaniy diplomatiya o‘zbek-quvayt hamkorligining asosiy tarkibiy qismiga aylanganini mamnuniyat bilan qayd etish lozim», — deya ta’kidladi u.

 

Hukmron oila a’zosi shayxa Hala as-Sabah o‘zbek san’at ustalarining chiqishlari nihoyatda katta taassurot qoldirganini qayd etdi. «Shaxsan men O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestrining chiqishlaridan katta zavq va chinakam huzur oldim. Butun quvaytlik tomoshabinlar o‘zbek san’atkorlari yosh avlodining iste’dodidan hayratda qoldi. Iqtidorli maestro Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi yosh musiqachilar o‘zbek simfonik musiqasi va jahon klassikasini respublikada va undan tashqarida keng va muvaffaqiyatli targ‘ib qilmoqda, ular O‘zbekistonning faxridir. Darhaqiqat, ular o‘sib kelayotgan avlodni yuksak ma’naviy va madaniy ruhda tarbiyalashda barcha mamlakatlar uchun yaxshi namuna bo‘la oladi».

 

Taniqli quvaytlik bastakor Amer Jafar o‘zbek-quvayt qo‘shma konserti tomoshabinlar bilan to‘la zalda muvaffaqiyatli o‘tganidan chuqur mamnunligini bildirdi.

 

– Bu O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestri bilan uchinchi qo‘shma loyihamiz edi. Orkestrning yosh musiqachilari nihoyatda iqtidorli, ular bilan ishlash juda oson. Orkestr rahbari Kamoliddin O‘rinboyev o‘z ishining katta ustasi, u bilan hamkorlik qilib, qo‘shma loyihalar yaratish — katta mamnuniyat, — dedi u.

 

««Alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq ta’lim, madaniyat, fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, davlat yoshlar siyosatini takomillashtirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda», — deya xulosa qildi quvaytlik bastakor.