86 nafar sozandadan iborat O‘zbekiston davlat simfonik orkestri Bangkokda 26-Xalqaro raqs va musiqa festivali doirasida ajoyib konsert berdi.
Ushbu voqea tarixiy lahza bo‘ldi, chunki 1999-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan festivalning 25 yillik tarixida orkestr ushbu nufuzli xalqaro tadbirda ilk bor ishtirok etdi.
Tailand madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan konsertga 2000 ga yaqin tomoshabin yig‘ildi. Konsertda Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Amaliy san’at departamenti rasmiylari, diplomatik korpus, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda qo‘shni mamlakatlar fuqarolari ishtirok etdi. Dirijyor Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi orkestr madaniyat ixlosmandlarining olqishiga sazovor bo‘ldi, chiqish so‘ngida tinimsiz qarsaklar yangradi.
Tadbir davomida orkestr Tailand yoshlari, jumladan, imkoniyati cheklangan yosh musiqachilar uchun mahorat darsi o‘tkazib, jamiyatda musiqiy iste’dodlarni rivojlantirishga sodiqligini namoyon etdi. Shuningdek, orkestr vakillari O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulligida vatandoshlarimiz uchun tashkil etilgan madaniy tadbirda chiqish qildi.
Festival davomida yuzaga kelgan madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida Bangkok xalqaro raqs va musiqa festivalining raisi va asoschisi Jaspal Singx Uberoy O‘zbekiston davlat simfonik orkestri sharafiga ziyofat uyushtirdi. Jaspal Singx Uberoy orkestr chiqishidan zavqlanganini bildirib, uning iliq kutib olinganini ta’kidladi.
O‘zbekiston davlat simfonik orkestri sharafiga maxsus kitob-albom nashr etilib, festivalning barcha ishtirokchilariga tarqatildi.
Muvaffaqiyatli chiqish yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston davlat simfonik orkestrining xalqaro festivalning kelgusi tadbirlarida ishtirok etishini ta’minlash borasida kelishuvga erishildi.
Bangkok xalqaro raqs va musiqa festivali 1999-yilda tashkil etilgan. Bu Tailand qirollik oilasi homiyligida har yili sentyabr va oktyabr oylarida o‘tkaziladigan tadbirdir. Festival Osiyodagi eng yirik madaniy forumlardan biriga aylangan.
Bu yil festivalda Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Xitoy, Italiya, Yaponiya, Isroil va Rossiyadan kelgan atoqli ijrochilar ishtirok etib, jahon san’atining rang-barangligi va boyligini namoyish etdi.