O‘zbekiston davlat simfonik orkestri Berlinda

«O‘zbekiston davlat simfonik orkestri» tarixda ilk bor 17–22-avgust kunlari Berlinda bo‘lib o‘tgan «Yosh Yevropa klassikasi» xalqaro mumtoz musiqa festivalida ishtirok etdi, deb xabar beradi «Dunyo» AA muxbiri.


Festival Berlindagi mashhur «Konzerthaus Berlin» musiqa saroyida o‘tdi. Ushbu mumtoz musiqa festivalining maqomi juda yuqori bo‘lib, unda AQSh, Kuba, Gretsiya, Niderlandiya, Gruziya, Fransiya, Estoniya, Ruminiya, Ukraina va boshqa mamlakatlarning yoshlar orkestrlari ishtirok etadi.


O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi davlat simfonik orkestri Mustafa Bafoyev, Frederik Shopen, Sergey Raxmaninov, Ivan Fisher, Amer Jafar kabi bastakorlarning mashhur asarlarini mahorat bilan ijro etdi va tomoshabinlarning qizg‘in olqishlariga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston orkestri jamoasining, ayniqsa, taniqli o‘zbek pianisti Eleonora Kotlibulatovaning chiqishlari jahon musiqa olami vakillarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.


O‘zbek musiqachilarining konserti «Deutschlandfunk» radiokompaniyasi tomonidan yozib olindi va 24-avgust kuni butun Germaniya bo‘ylab efirga uzatiladi.


O‘zbekistonlik yosh iqtidorli san’atkorlarning ushbu yuqori darajadagi xalqaro musiqa festivalida ishtirok etishi mamlakatimiz san’atini dunyoga yana bir bor namoyish etish imkonini berdi.


Konsert yakunida mehmonlar O‘zbekistondan kelgan yosh mumtoz musiqa ustalarini uzoq olqishladi.

BOSHQA YANGILIKLAR